“Paxtakor-79” xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazildi

Bugun, 11 avgust kuni “Paxtakor-79” a’zolari vafotiga sabab bo‘lgan aviafalokat sodir bo‘lganiga 38 yil bo‘ldi. Shu munosabat bilan 11 avgust kuni Toshkentda “Paxtakor-79” xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazildi.

Avvaliga soat 09:00 da futbol jamoatchiligi “Paxtakor” stadioni hududida joylashgan “Paxtakor-79” yodgorligi oldida to‘plandi. Stadion hududida joylashgan “Paxtakor-79” yodgorligi yonida bo‘lgan xotirlash marosimida aviaholakat oqibatida hayotdan ko‘z yumgan futbolchilar bilan birga faoliyat olib borgan To‘lagan Isoqov hamda Narimon Jalolov so‘zga chiqib, marhum paxtakorchilarni xotirladi.

“Paxtakor” stadionidagi tadbir yakunlangach, yig‘ilganlar aviafalokat oqibatida dunyodan ko‘z yumgan futbolchilar sharafiga o‘rnatilgan yodgorlikni ziyorat qilish uchun “Botkin” qabristoniga tashrif buyurishdi.

Qayd etish joiz, 5–9 avgust kunlari 2002 yillarda tavallud topgan bolalar o‘rtasida “Paxtakor-79” xotirasiga bag‘ishlangan “Xotira qanotlari” turniri bo‘lib o‘tdi. Finalda “Paxtakor” va “Yangier” jamoalari o‘zaro bahs olib bordi. O‘yinning ikkinchi bo‘limda kiritilgan yagona to‘p o‘yin taqdirini hal qildi va Dilshod Nuraliev bosh murabbiyligidagi yosh “Paxtakor” jamoasi xotira turniri g‘oliblariga aylandi.

Uchinchi o‘rin kechgan bahsda Namangan OZK futbolchilari “Paxtakor-2”dan 3:2 hisobida ustun keldi. Musobaqaning yopilish marosimida Birodar Abduraimov, To‘lagan Isoqov, Nikolay Lyubartsev, Vitaliy Kapustyanskiy va Narimon Jalolov kabi futbol faxriylari hamda “Paxtakor” bosh direktori Dmitriy Adisman ishtirok etishdi.

 

manba

 

Поделиться 2017-08-11 14:40:48