O‘zbekiston terma jamoasi Toshkentda mashg‘ulotlar o‘tkazmoqda

O‘zbekiston milliy terma jamoasining Suriyaga qarshi JCh-2018 saralash bosqichi “A” guruhi 6-turi oldidan Toshkentda tashkil etilgan qisqa muddatli yig‘ini davom etmoqda.

14 mart kuni Samvel Babayan terma jamoaning Suriya va Qatarga qarshi o‘yinlari uchun 23 futbolchidan iborat tarkibini e’lon qilgan edi. 15 mart kuni esa terma jamoa a’zolari “Paxtakor” stadionida mashg‘ulotlar o‘tkazdi.

“Al-Jaish”da to‘p surayotgan Sardor Rashidov terma jamoa ixtiyoriga bugun kelib qo‘shildi. Odil Ahmedov “Shanxay SIPG” bilan OChL-2017 turnirida ishtirok etayotgani bois Malayziyada terma jamoa ixtiyoriga qo‘shiladi. Moskvaning “Lokomotiv” klubida to‘p surayotgan Vitaliy Denisov ham terma jamoa vakillari bilan Malayziyada ko‘rishadi.

“Paxtakor” darvozaboni Aleksandr Lobanov yengil jarohat olgani tufayli individual tarzda mashg‘ulotlar olib bordi. Qolgan futbolchilar umumiy guruhda shug‘ullandi

Ma’lumot uchun, terma jamoa 23 mart kuni Malayziyada Suriya termasiga qarshi bahs olib borsa, 28 mart kuni Toshkentda Qatar termasini qabul qiladi. O‘zbekiston terma jamoasi JCh-2018 saralash bosqichi “A” guruhi 5-turidan keyin 9 ochko bilan uchinchi o‘rinda bormoqda. Suriya 5 ochko to‘plagan holda to‘rtinchi o‘rinni band qilib turibdi.

Manba

Поделиться 2017-03-16 09:45:59