Chempionlik smetasi, maoshni dollarga chaqadigan futbolchilar va xususiylasha boshlagan «Lokomotiv» haqida To‘labek Akramov bilan ochiq suhbat

Zamonaviy o‘zbek futbolining eng zamonaviy menejyerlaridan bo‘lgan Akramov bilan «Lokomotiv» haqidagi barcha mavzularda ochiq suhbatlashdik. Avvalo klubning oxirgi vaqtlardagi muvaffaqiyatsiz o‘yinlari haqida so‘radik. Akramovning aytishicha, bunga mish-mishlardagi kabi pul sabab emas. Ayni damda klubda moliyaviy muammo yo‘q va menejyerning aytishicha, bu shunchaki hammada ham bo‘lib turadigan pasayish.

To‘labek Akramov hamon klubning bosh homiysi «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ ekani va tashkilot tomonidan ta'minot to‘xtatilmaganini aytdi. Biroq klub homiyga qarab qolmoqchi emas. To‘labek Akramovga ko‘ra, «Lokomotiv» xususiylashish yo‘liga o‘tdi. Klub o‘z stadioni va atrofidagi hududni o‘z mulkiga aylantirgan.

Suhbatdoshimiz nega Andrey Fyodorov yana jamoaga qaytganini tushuntirdi. Uning aytishicha, yangi murabbiy tanlash uchun ko‘p vaqt bo‘lmagan va bu vaqt davomida futbolchilarni yaxshi biladigan murabbiyni tanlash kerak bo‘lgan. Rahbariyatda RPLda ishlagan murabbiylar varianti ham ko‘rib chiqilgan. Shuningdek, milliy jamoa tarixidagi eng yaxshi to‘purar Maksim Shatskix varianti ham bo‘lgan. Ammo turli xil muammolar sabab barcha variantlar rad etilgan va futbolchilar bilan suhbatdan so‘ng Fyodorov jamoaga qaytarilgan. Ularning aksari bu variantga qarshi bo‘lmagan.

To‘labek Akramov suhbat davomida «Lokomotiv»ning tarixsiz jamoa deydiganlarga qarata shunday dedi: «Bizni tarixsiz jamoa deb aytishadi. Lekin bu to‘g‘ri emas. Jamoamiz 16 yil avval tashkil etilgan. Bu vaqt davomida O‘zbekiston chempionatida g‘olib bo‘ldik, kubokni qo‘lga kiritdik, OChLda chorak finalgacha chiqdik. Klub tarixini biz yozyapmiz», deydi Akramov.

 

«Lokomotiv» bosh menejyeri klublarning bir yillik smetasi qancha bo‘lishi haqidagi savolga ochiq javob berdi. Uning aytishicha, «Lokomotiv» chempion bo‘lgan mavsumda jamoaning yillik smetasi 16 milliard so‘m bo‘lgan. Hozir esa chempionlik uchun kurashishgan bo‘lmasa-da, raqobatbardosh jamoa shakllantirish uchun 25 milliard so‘m yetarli ekani aytildi. Akramovning fikricha, «Paxtakor»ning bugungi holatida chempionlik uchun boshqa jamoalarning kurashishi deyarli imkonsiz.

 

 

Manba

Поделиться 2020-08-05 12:36:54