Andijon boksining buguni, «Malibu»dan ilhomlanayotgan yoshlar va yolg‘onchi menejyerlar – o‘zbek boksi haqida Muhammadqodir Abdullayev va O‘tkirbek Haydarov bilan suhbat

 

O‘tkirbek Abdujalilovich Haydarov – O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi, «O‘zbekiston iftixori», O‘zbekiston, Osiyo, Osiyo o‘yinlari va Afro-Osiyo o‘yinlari chempioni, jahon chempionatining oltin, kumush va bronza medali sovrindori, Olimpiada o‘yinlarining bronza medali sohibi. «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlangan.

Muhammadqodir Mamatqulovich Abdullayev – Olimpiada, jahon va O‘zbekiston chempioni, Xalqaro toifadagi sport ustasi, Osiyoning 2 karra chempioni, Qirol kubogi hamda Jahon kubogi musobaqalarida eng yaxshi bokschi, «Shuhrat» medali va «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlangan.

– Boks Andijonda azaldan qadrlangan. Ko‘plab chempionlar yetishib chiqqan. Shu sport turining ichida yurgan insonlar sifatida Andijon boksining buguni haqida nima deya olasiz?

O‘tkirbek Haydarov: – Hozirgi kunda andijonlik bokschilardan Hasanboy Do‘stmatov, Iqboljon Xoldorov va Jasurbek Latipovni alohida e'tirof etish o‘rinli. Ular Osiyo chempionatida g‘olib bo‘lishdi. Jahon chepionatida kumush medalga sazovor bo‘lishdi.

Hozirgi kunda safimizga katta murabbiy bo‘lib ustozimiz Mars Qo‘chqorov keldi. Hozir yaxshi o‘smirlarimiz bor. Yana shuni aytishimiz kerakki, mashg‘ulot zallarimiz kichkina. Lekin sport bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan yoshlar juda ko‘p. Milliy Olimpiya qo‘mitasi va boks federatsiyasi katta zal qurilishida yordam beramiz, deyishdi. Muhammadqodirga Oltinko‘lda zal ochib berildi. Bular o‘z natijasini beradi, degan umiddaman.

Yoshingiz ulg‘ayib borgani sari shogirdlaringizning natijasiga emas, tarbiyasiga e'tibor berarkansiz. Yoshlarga chet tili, tarix, kompyuter, psixologiyani o‘rgatib, ularning ongini rivojlantirishimiz kerak. Bokschilar faoliyatini tugatganidan so‘ng ko‘chada qolmasligini maqsad qilganmiz.

Ota-onalardan shuni iltimos qilgan bo‘lardimki, yosh bolalariga smartfon telefonlar olib berishmasin. Bu ham yoshlarni chalg‘ityapti.

Muhammadqodir Abdullayev: – Oxirgi paytlarda Andijon boks maktabiga havas qilib, Farg‘ona, Buxoro va Xorazm boks maktablari ham o‘sdi. Hamma viloyatlar bir yoqadan bosh chiqarib, bir maqsad yo‘lida rivojlanib bormoqda.

Bugungi kunda yoshlarga berilayotgan imkoniyatlarga havas qilamiz. Ulardan faqat harakat qilish qolmoqda. Hozir yoshlar g‘olib bo‘lsa, prezident tomonidan «Malibu», uy berilyapti. Chempion bo‘lgan yigitlar Milliy gvardiyaga olinyapti. Ular boksdan ketgandan keyin ham Milliy gvardiyada ishlab oyiga 10-20 mln so‘m maosh olishadi. Yosh bokschilar bundan motivatsiya olyapti. Bizning davrimizda bunaqa bo‘lmagan.

O‘tkirbekning til bilish zarurligi haqidagi fikrlari to‘g‘ri. Bolalarga chet tilini o‘rgatish kerak. Masalan, til bilmaganim uchun menejyerlar meni aldashgan, pullarimni berishmagan. Qizig‘i, o‘sha menejyer o‘zbek. O‘zbek bo‘la turib aldagan. 100 ming dollar pulimni bermagan. Hozirgacha oldiga boraman. «Qayerga borsang, bor» deydi. Yoshlar shunaqa aldanmasin. Ular shunday xatoga yo‘l qo‘yishmasin deb, ishlab turgan oshxonamni o‘quv markaziga aylantirdim. Bolalar til o‘rganishyapti.

– Sizlarning davringizdagi Andijon boks maktabini butun dunyo tanirdi. So‘nggi yillarda boshqa viloyatlarda boks rivojlangani bilan bir qatorda Andijonda pasayish kuzatilmayaptimi?

Haydarov: – Umuman olganda pasayish bo‘lgani yo‘q. Bir vaznda 2tadan bokschilarimiz to‘g‘ri kelib qoldi. Iqboljon Xoldorov vaznini o‘zgartirdi. Albatta, bir ko‘tarilishdan keyin tushish ham bo‘ladi. Buning yaxshi tomoni bor. Murabbiylar jipslashishadi.

Yana bir muammo – ichki musobaqalar kamayib ketgani. Pandemiyadan so‘ng turnirlarni ko‘paytirishimiz kerak.

– Andijon boksining ustunligi nimada bo‘lgan? Ishlash uslubi qanday?

Abdullayev: – Ustunligimiz murabbiy bo‘lgan. Mars Qo‘chqorov har bir bolaning psixologiyasidan kelib chiqib muomala qilardi. Masalan, o‘zim bilan bo‘lgan voqeani aytib bersam. Jahon chempionati finalida 2-raunddan keyin raqibimga 7:13 hisobida yutqazayotgan bo‘lganman. Lekin 3-raunddan oldin murabbiyimiz: «Muhammadqodir, sen yutyapsan. Yana ozgina qo‘shsang bo‘ldi», degan. Bundan ilhomlanib, 3-raundda hisobni 17:13ga keltirib, g‘olib bo‘lganman. Jangdan keyin televizorda qayta ko‘rsam, aslida 2-raunddan keyin yutqazayotgan ekanman. O‘shanda murabbiy ruhiyatimni cho‘ktirmay, g‘alaba qozonishimga sababchi bo‘lgan. Agar charchagan holatimda «yutqazyapsan» deganda yakunda ham yutqazishim mumkin edi. Hozir ustozlarimizdan shunday xususiyatlarni «o‘g‘irlayapmiz».

Vaqtida ustozlarimizga gap qaytarganmiz. Hozir murabbiy bo‘lib, ularning qadrini bildik va yoshlikdagi ishlarimiz uchun uzr ham so‘radik. 

– Gullagan davringizda eng qiyin raqiblar qayerdan bo‘lgan?

Haydarov: – Rossiyalik Gaydarbek eng qiyin raqibim edi. Qozog‘istondan ham Sovet davridan kuchli bokschilar chiqqan. Ularda chempionlar ko‘p edi. Bizda faqat Rufat Risqiyev bo‘lgan. So‘nggi yillarda ulardan o‘zib ketishga erishdik.

Abdullayev: – Kubalik bokschilar. Avvallari «Kuba» desa, hammani sir bosardi. Hozir Riodagi olimpiadadan so‘ng «O‘zbekiston» desa ringga o‘ylab chiqadigan bo‘ldi. Boshqa davlatlar bizning yutuqlarimiz sababini qidirishyapti.

– Havaskor boksdan professional boksga o‘tishda qanday qiyinchiliklar bor?

Haydarov: –  Qiyinchilik yo‘q. Ikkalasida ham kuniga 2 mahaldan mashg‘ulot o‘tkaziladi. Farq iqtisodiy jihatda ko‘rinadi, xolos. Professional boksda AQSh maktabi kuchli. Ularning jamoasida psixologi, diyetologi, marketologi, shifokori – hammasi bor. Ko‘p narsa moddiy tomonga borib taqaladi.

Abdullayev: – Professional boksning yaxshi tomoni, aniq raqibga qarshi kamida 2-3 oy tayyorlanasiz. Uning janglari yozilgan disklarni ko‘rib tahlil qilasiz, sparring raqib bilan mashg‘ulot o‘tkazasiz. Havaskor boksda esa musobaqagacha vaznni saqlashingiz kerak. Bugun bo‘yi past chapaqay raqib bilan tushsangiz, ertaga baland bo‘yli bokschi bilan jang qilasiz.

– Boks bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan bolalarga qanday maslahat bergan bo‘lardingiz?

Haydarov: – Boks bilan 10 yoshdan shug‘ullangan ma'qul. Masalan, 6-7 yoshli bolalarni oldimizga olib kelishsa, gimnastikaga yuboramiz. Gimnastikadan keyin bola har qanday sport turiga tayyor bo‘ladi. 3-4-sinfgacha gimnastikaga borib, so‘ng boksga kelishi to‘g‘ri bo‘ladi.

Abdullayev: – Ota-onasi ruxsati bilan, avvalo, shifokor ko‘rigidan o‘tib boksga kelaversin. Eshiklarimiz ochiq.

 

 

Мanba

Поделиться 2020-07-29 21:51:28