Oʻzbek bokschisi ingliz nashri nigohida: Murodjon Ahmadaliyevning chempionlik sari yoʻli

Ingliz nashri — badlefthook.com sayti Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi, professional boksda ikki yoʻnalish chempioni Murodjon Ahmadaliyev haqida katta maqola tayyorladi.

Eʼtiboringizga mazkur maqolani oʻzbek tiliga tarjima qilgan holda taqdim etmoqchimiz.

Ikkita singan oyoq, boksning sirli usullari va Murodjon Ahmadaliyevning chempionlik yoʻli haqida

“Menga endi hech qachon yura olmasligimni, endi boks tusha olmasligimni aytishgandi“, — deydi Murodjon Ahmadaliyev tarjimoni Alik Frolov orqali. “MJ” bolaligi, qiyinchiliklar haqida gapirayotganida uning ovozidan his-hayajon sezilib turardi.

Oʻtgan yilning aprel oyida DAZN va Matchroom Boxing bilan shartnoma imzolanganidan soʻng bokschining faoliyatida portlash yuzaga keldi. Joyel Dias qoʻl ostidagi 25 yoshli sportchi professional boksdagi sakkizta jangdayoq ikkita chempionlik kamarini qoʻlga kiritdi. Janglarning soʻngida u yanvar oyida Daniyel Romanni magʻlub etdi.

Ushbu muvaffaqiyatlar oʻz-oʻzidan boʻlib qolgani yoʻq. Murodjon bungacha qattiq mehnat qildi. 9 yoshida u “uy bolasi“ sifatida otasiga, oilasiga yordamlashardi. Ota-ona, ikkita opasi bilan Oʻzbekistonning Namangan viloyatida yashaydigan Murodjnning maqsadlari yuqori edi.

“Bizda deyarli hech narsa yoʻq edi“, — deydi Kaka. “Kaka“ — uning laqabi. Murodjon yoshligida futbolni, jumladan braziliyalik pleymeykerning oʻyinlarini yaxshi koʻrardi va uning futbolkasini kiyib yurardi.

“Men qoʻlimdan kelgan barcha ishni qilishga tayyor edim. Vaqtida yozda parkda ishlaganman. U yerga tashrif buyuruvchilar suratga tushishardi. Mening ishim kim surat olsa, ularni tezda ishlab, egalariga topshirishdan iborat edi. Parkda menga raqobatchilar ham bor edi, shuning uchun mendan bu ishni qilishda tezkorlik talab etilardi.

Murodjon suratlarni tayyorlash uchun uch mil (4 kilometrdan ortiqroq — izoh bizniki) yugurardi, qaytishda yana shuncha masofani bosib oʻtardi. Raqobatchilarda alternativ transport vositasi boʻlsada, u tezroq harakat qilardi.

“Xodimlar meni yaxshi koʻrishardi, shuning uchun har yozda parkdagi eng yaxshi ishlardan birini berishardi“, — deydi Murodjon.

Maosh kuniga deyarli ikki dollarni tashkil etar, Murodjon esa yangi krossovka sotib olish uchun bir hafta davomida pullarni yigʻib borardi.

Bu vaqtda sportchi futbolni sevardi. Lekin, uning yaqin doʻsti boksga qatnashni boshlaganidan soʻng “MJ” ham u bilan birga yangi sport turiga mehr qoʻya boshladi. Kichkina, ozgʻin, yetarli vazn toifasiga ega boʻlmagan Murodjon musobaqalarda qatnashishi uchun 11 yoshga toʻlishi kerak edi. Ana shundan soʻng u rasman turnirlarda qatnashish imkoniga ega boʻlardi.

Kunlardan bir kuni yoʻlda Murodjonni mashina urib ketadi va qahramonimizning oyogʻi sinadi.

“Menejerning jahli chiqdi. U tez yordam chaqirdi va meni kasalxonaga olib borishdi. Men ishimni yoʻqota olmasdim. U yerga borganimda shifokorlar jarohatimni gapirib berishdi va tuzalib ketishim uchun sakkiz oy kerakligini aytishdi.

Men oʻsha payt ilojsiz edim, lekin yana boksga, eng asosiysi ishimga qayta olishimga ishonardim“, — deydi u.

Oradan sakkiz oy oʻtdi va oila aʼzolar hamda shifokorlarning aytishiga qaramay, Murodjon boks zaliga qaytdi.

“Men kechki payt soat 5 gacha ishlab, sekin boks zaliga ketardim. Oyim ishga ketayotganimda menga non va choy berib yuborardilar. Men esa ularni mashgʻulotlarga ham kuchim yetishi uchun ishdan soʻng yerdim. Uyga soat 7 da kirib borardim. Bunday holat yarim yil, yaʼni uydagilar bundan xabardor boʻlib qolishgunicha davom etdi. Bundan ularning jahli chiqdi. Lekin boks zalidagi murabbiyim bilan gaplashganidan soʻng, ular menda isteʼdod borligini tushunib yetishdi.

Men jarohatlardan qutuldim. Ammo, ikki yildan soʻng oyoq harakatlaridagi muammoga duch keldim. Men bunday holatda raqibimdan tezkorroq harakat qila olmasligimni tushunib yetdim, shuning uchun zarbalarga chap berib qolish evaziga ustunlik qilish mumkinligini oʻrgandim. Oʻylaymanki, bu menga professional sifatida yordam berdi“.

Jarohat bir necha yildan soʻng yana Ahmadaliyevga halal bera boshladi. Unga 15 yoshida ikkinchi marotaba boksni tashlash maslahati berildi. Lekin u tibbiyot xodimlarining gaplariga eʼtibor bermasdi.

“Bunday omadsizliklar menga yordam berdi. Men doim kichkina va kuchsiz boʻlganim uchun, menda imkoniyat berilavermasdi. Lekin men taslim boʻlmasdim va oʻzimga toʻliq ishonardim.

Singan burun, singan umurtqa va singan musht Ahmadaliyevning porlab chiqishi uchun tayanch boʻldi. Uni hech qanday ogʻriq toʻxtatib qola olmasdi.

Tez orada Murodjon havaskor boksda muvaffaqiyatlarga erisha boshladi: u 2012-yili yoshlar oʻrtasidagi jahon chempionatida kumush medal qoʻlga kiritdi, keyin esa kattalar oʻrtasidagi jahon chempionatining kumush medali, Rio Olimpiadasining bronzasi… Oʻzbek sportchilarning yangi avlodi boʻlgan Ahmadaliyev muvaffaqiyatni jamoadagi birdamlik bilan bogʻlaydi.

“Barchasi havasdan boshlangandi“, — deydi u Oʻzbekiston bokschilari haqida gapirar ekan. “Ular havaskor boksdagi muvaffaqiyatlardan soʻng Oʻzbekistonda mashhurlikka erishishdi. Abbos Atoyev, Rustam Saidov, Elshod Rasulov va boshqalar. Men ularga intilardim. Bizda shuningdek Sobiq Ittifoq maktabini koʻrgan yuqori saviyadagi murabbiylar bor edi“.

U shuningdek terma jamoadagi doʻstlarini ham hurmat qilishini taʼkidladi. “Biz juda yaxshi doʻstlar edik. Bu juda muhim. Isroil Madrimov va Bahodir Jalolov. Jamoada bizni muvaffaqiyat sari yetaklayotgan sogʻlom raqobat bor edi.

“MJ” professional boksga tezda moslashdi. Sakkizta jangdayoq ikkita chempionlik kamarini qoʻlga kiritib, Leon Spinksni rekordini takrorlash ajoyib natija boʻldi. Ammo, bu tarix endi boshlanayotganini koʻrsatadi.

“Eng yaxshilari men uchun hali oldinda. Menga DAZN va Matchroom Boxing tomonidan ishonch bildirildi va men ham ularga ishonaman“.

Chempion IBF yoʻnalishidagi daʼvogar Riosuke Ivasa bilan jang qilishi kerak. Ammo, u WBO yoʻnalishi chempioni Emmanuel Navarrete bilan ham toʻqnash kelish istagida.

“Bu ajoyib boʻlardi, chunki bizning uslublarimiz oʻxshash. Biz bunga yetib kelmoqdamiz. Men Roman ustidan qozonilgan gʻalabadan soʻng katta tajriba toʻpladim va mehnat qilishda davom etyapman“.

Hozircha 126 yoki 130 funt divizioniga koʻtarilish haqida gap-soʻzlar yoʻq. Lekin, Ahmadaliyev oʻz kumiri Menni Pakyao yoʻlidan borishga ahd qilgan.

“Avvaliga 122 funtda mutlaq chempion boʻlmoqchiman. Keyin koʻramiz. Men hozir ushbu vaznda oʻzimni yaxshi his qilyapman. Kelajakda balki boshqa vaznga oʻtarman.

Hozir menga ishonmaganlarga qarab, “Men senga aytgandimku!“ deyman“, — deydi Ahmadaliyev gʻurur bilan.
Yakunda esa shunday deb qoʻshimcha qiladi:
“Men koʻp gapirishni yoqtirmayman. Oldinda turgan yillar davomida kim eng zoʻri ekanligini ring koʻrsatadi“.

 

Oʻzbekiston boks federatsiyasi matbuot xizmati

Поделиться 2020-06-02 16:06:57