Respublika maxsus komissiyasi professional futbol klublarining mashgʻulotlariga ruxsat berdi

 

Koronavirus pandemiyasi davrida hukumatimiz tomonidan tuzilgan Respublika maxsus komissiyasi bosqichma-bosqich karantin sharoitini yumshatish borasida qarorlar qabul qilib bormoqda. Komissiyaning bugun eʼlon qilgan qarori sport sohasi uchun quvonchli yangilikka aylandi.

Unga koʻra, 2020-yilning 1-iyun sanasidan boshlab mamlakatimizning “yashil” hududlarida sport seksiyalari, toʻgaraklari, sport zallari, va fitnes klublar faoliyatiga sanitariya va gigiyena talablariga qatʼiy rioya etgan holda ruxsat beriladi.

Shu bilan birga futbol boʻyicha xalqaro va ichki musobaqalarga yuqori darajada tayyorgarlik koʻrish hamda ularda qatnashish maqsadida professional futbol klublariga oʻz oʻquv mashgʻulotlarini sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiq holda boshlashga hamda 2020-yil 5-iyundan boshlab Oʻzbekiston professional futbol ligasi chempionatlarini TOMOSHABINLAR ISHTIROKISIZ davom ettirishga ruxsat berildi.

Milliy olimpiya qoʻmitasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan hamkorlikda mazkur qaror ijrosini taʼminlash boʻyicha allaqachon bu borada tayyorgarlikni boshlab yuborgan. Masʼul xodimlar mamlakatimizdagi mavjud oʻquv-mashgʻulot bazalari hududlari, oshxona va yotoqxonalar, sport inventarlari, zallarni belgilangan tartibda mashgʻulotlar uchun tayyorlashmoqda, sanitar-gigiyenik, dezinfeksiya ishlarini olib borishmoqda. Respublika komissiyasi tomonidan ruxsat berilishi bilan sportning boshqa turlari boʻyicha ham oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari davom ettiriladi. Bu borada har bir sport bazasiga kirish uchun maxsus dezinfeksiya tonnellari oʻrnatilmoqda.

Manba

Поделиться 2020-06-01 16:21:18