Bel olish kurashining bizgacha yetib kelgan amallari haqida nimalarni bilasiz?

Бел олиш курашининг бизгача етиб келган амаллари ҳақида нималарни биласиз?

Qadimda qo‘llanilgan kurash sport turining amallari bizgacha yetib kelgan. Ular burov, qayirma, qaytarma, chala-qaytarma, yonbosh, ilish, to‘sish, aylantirish (tegirmon), uloqtirish, chap tizzaga mindirib tashlash (betga tashlash), bosma, chayqatish (siltash), kiftlash, qo‘shala-yonbosh, to‘g‘anok. chalish atamalari va boshqa bir qancha amallar azaldan qo‘llangan. Ana shu nomlar uzoq, yillik izlanishlar natijasida tiklangan bel olish kurashi amallarining bir qismidir. Ammo ular qachon va qaysi davrdan shunday nomlangani ma’lum emas.

Albatta, bu nomlar turkiy so‘zlar bo‘lgani bois hozirgacha bir qancha turkiy millatlarda, ayniqsa, ularning eng ko‘pi Markaziy Osiyo davlatlarida saqlanib qolgan. O‘zbeklarda kurash ilmi kitobi bo‘lganini quyidagi manbadan bilsa ham bo‘ladi:

1937 yil «Guliston» jurnalida «Kurash hadisi» — kurash ilmi xaqida bir parcha e’lon qilingan. O‘sha davrda jurnal lotin imlosida bosilgan bo‘lib,unda shunday deyiladi: «Kurash hadisini puxta bilgan farg‘onalik Xojimat polvonning aytishicha, bel olish kurashida qo‘l-oyoq bilan bel kuchigina ish beradi, polvonlar kuchni uchga bo‘lib qaraydilar:

– suyak kuchi eng asosiy kuch hisoblanib, chandir va paylarning pishiqligiga bog‘lik. 20-25 yoshli polvonlarda bu kuch yaxshi natija beradi. Suyak kuchi semirishni ko‘tarmaydi, polvon­lar semirsa, kurashdan qoladi.

– muskul kuchi bo‘lib, suyak kuchi ham shu muskul kuchidan ayri narsa emas, lekin polvonlar buni yaxshi farqlaydi. Go‘sht kuchi 25-50 yoshli odamlar orasida rivojlanib, polvon uzoq yil kurash tusholmaydi. Lekin ko‘p mashq qilib, kurashib o‘zini pishitganlar umrining oxirigacha polvonlik qiladi. Aksar mashxur polvonlar shu guruhdan chiqadi, deyishadi.

– belbog‘ kuchi 18-20 yosh orasida bo‘lib, bu pol­vonlar tez so‘nib qoladi. Kurash ilmini bir maromda o‘rganganda ulardan ham uzoq yillar davomida kurashadigan polvonlar chiqadi, lekin ularning soni ozchilikni tashkil qiladi. Kurashda kuch bilan baravar, balki undan ham ortiqroq rolni kurash hadisi o‘ynaydi. Kurash ilmi deganimiz kurash hunari bo‘lib, jiddiy mashqni talab qiladi. Pol­vonlar o‘rtasida kurash ilmini biluvchilar e’tiborli hisoblanadi. Unda har qaysi ustaning o‘ziga yarasha amali, usuli bo‘ladi. 1930 yili Namangan saylidagi bel olish kurashida G‘ofir polvon o‘zining «tegirmon» (aylantirish) usuli bilan taniladi. Bunda u polvonning belini ushlagan va to‘xtamasdan chirpirak qilib aylantiradi. Shu usul yordamida toshkentlik mashxur Ulan polvonni yiqitadi. Ketma-ket bir nechta polvonni ham mag‘lub qiladi. Nihoyat, toshkentlik shaxsi noma’lum polvon G‘ofir kurashchiga bas kelib, o‘zining usuli bilan G‘ofir polvonni yiqitadi.

Bel olish kurashida to‘n kiyiladi. Yalang oyoq bo‘lib, ikki bilakni bir aylantirib olarlik darajada belbog‘ bog‘lanadi. Kurash ilmining tavsifi bo‘yicha kuchi (malakasi), ya’ni gavdalari bir-biriga mos keladiganlar kurashga tushadi. Kurashchilar bir-birini qoidaga muvofiq ushlab olmagunga qadar harakatni boshlamaydi. Bel olishgach, har ikkisi butun kuch va polvonlik mahoratini ishga soladi. Bir-birini chayqatib sinab ko‘radi. Bel olishda Farg‘onada, Qo‘qonda yoxud Toshkentda oyoq bilan chalib yiqitish, ko‘tarib olmasdan yonboshga va burib yiqitishlarga yo‘l qo‘yilmaydi.

Bu bilan biz bel olish kurash turi ilmigagina xos bir ma’lumot berdik. Umuman olganda, «Kurash ilmi» kitobida kurash amallari, qonun-qoidalari, atamalar, jismoniy tarbiya mashqlari, mashg‘ulot o‘tkazish, odob-axloq, tarbiya, to‘g‘ri ovqatlanish hamda kurash malakasi xullas bir qancha yo‘nalishlarga ega bo‘lgan tushunchalar bayon qilingan.

Ana shuning uchun ham bel olish ilmini o‘rgatuvchi murabbiylar o‘z amali bo‘yicha tarbiya bergan. Bo‘nga ko‘plab misollar keltirish mumkin: XIX asrda yashagan tatar botiri Shahobiddin Marjoniy bir marotaba mag‘lub qilgan odami bilan boshqa kurashmagan. Turkman pahlavoni Annadurdi Yagsurar (yog‘ichuvchi) har doim bel olish kurashidan oldin eritilgan yog‘ni iste’mol qilib, polvonlarni yenggan va doimo shu odatga amal kilgan.

XX asr boshlarida yashagan parkentlik Abdurahmon polvon sayillarda birov bilan bel olishishga talabgor bo‘lmay, aksincha, odob yuzasidan o‘zi bilan kurashuvchilarni talab qilgan. Bag‘dodlik (Farg‘ona viloyati) Qo‘shok pahlavon esa zabardast pahlavonlar uchun o‘zining bel siquv hunarini ishlatgan. Qirg‘izistonlik mashxur Abdurahmon pahlavon og‘ir vaznli polvonlar bilan bel olishganda langar tashlab, muvozanatni saqlab, ya’ni oyoqda tushib bosib qolish amallari bilan hammani qoyil qoldirgan. Ana shu sanab o‘tilgan pahlavonlar o‘z ixtiyori bilan mag‘lubiyatga uchragan kishilar bilan bel olishmaslikni, o‘ziga ishonib, ahdlashib belolishishni o‘ziga odat qilgan. Boshqa polvonga talabgor bo‘lmay o‘ziga talabgor so‘rashni o‘zlari hohlagani uchun emas, bel olish ilmini ustozlaridan puxta egallaganidan deb tushunish kerak. Bugungi zamonaviy bel olish kurashini mukammal egallash uchun oldindan yozilgan va amalda qo‘llanilgan kurash ilmidan foydalanish ijobiy samara berishi tayin.

Kurashning qadimiy ma’nosi – zo‘riqish belga borib taqaladigan, bir qancha yo‘nalishlarni o‘zida mujassam qilgan hamda belbog‘dan ushlab amallarga tayanib raqibning yelkasini yerga tekkizishning barchasi kurash hisoblanadi. Kurashning asl ma’nosi, bu – yiqitish.

Bel olishning ma’nosi – maqsadga erishish uchun har qanday raqibga jismoniy kuch ishlatish paytidagi harakat bu –bel olishdir. Shuningdek, zo‘riqishlar belga borib taqalgan belbog‘ni ushlab bajariladigan amallarning barcha turlari bel olish kurashidir. Uning asl ma’nosi kuch ishlatish sanaladi.

Amal – harakat davomida biron-bir natijaning ko‘rinishi amal deyiladi. Anikroq qilib aytganda, biron-bir harakat natijasida raqib cho‘kkalatilsa, o‘tqazib qo‘yilsa, bir yelkaga yoki ikki yelkaga yikitilsa, bularning barchasini amal deyish mumkin.

To‘n (chopon) –kurashchining ust kiyimi. Uning uzunligi tizzagacha, qora, ko‘k, qulrang, ola va boshqa ranglarda bo‘ladi.

Yaktakning vazifasi – kurash paytida badandagi terni o‘zida saqlab qolish hamda avratni yopib turishga mo‘ljallangan ko‘ylak. Rangi oq, uzunligi chopondan 5-10 sm kalta bo‘lib, kurashda chopon ichidan kiyiladigan kiyim.

Shalvarning vazifasi – uzunligi oyoq to‘pig‘igacha bo‘lgan oq shalvarning yuqori qismi ishtonbog‘ bilan qisib bog‘lanadi. U keng, kurashda bemalol o‘tirib-turish va oyoqni erkin ko‘tarishga imkon beradi.

Izlanishlar hamda qator mamlakatlardagi olimlar, shu sohaning mutaxassislari, kurash sport turida uzoq yillar polvonlik qilgan keksa nuroniylar bilan suhbatlar davomida bel olish kurashi bo‘yicha juda ko‘p faktlarga duch keldik. Tadqiqotlar natijasida kurash sport turiga oid ko‘plab ma’lumotlar mavjud ekaniga amin bo‘ldik. Bel olish kurashining nomlanishi, kurashda kiyiladigan kiyimlar, belbog‘ning vazifasi, amallarning qanday ma’no anglatishi masalasida o‘rganilayotgan muammo yechimiga qator aniqliklar kiritishga muvaffaq bo‘ldik.

 

Маnba

Поделиться 2020-05-23 13:10:26