Birodar Abduraimovni tabriklaymiz!

Bugun oʻzbek futbolining yorqin vakillaridan biri Birodar Abduraimov oʻz tavallud ayyomini nishonlamoqda.

 

Abduraimov Birodar Hasanovich 1943-yil 14-may kuni Toshkentda tavallud topgan. Futbolchilik faoliyati davomida “Paxtakor” va SSKA (Moskva) klublaridagi yorqin oʻyinlari bilan nafaqat oʻzbek, balki oʻz davrida Sobiq Ittifoq futbol muxlislari koʻnglini zabt etgan. Birodar Hasanovich faoliyati davomida 100 dan oshiq gol urib, oʻtgan asrda taʼsis etilgan Grigoriy Fedotov klubiga (Sobiq Ittifoq klublari tarkibida 100 dan oshiq gol urgan futbolchilardan iborat ramziy klub) aʼzosiga aylandi. 1968-yil raqiblar darvozasini 22 bor ishgʻol qilib, SSSR chempionatining eng yaxshi toʻpurari boʻldi. XX asrda oʻzbek futbolining eng yaxshi oʻyinchilaridan biri deb tan olingan. U kishining murabbiylik faoliyati ham futbolimizdagi yorqin sahifalardan birini yaratdi. 1994-yil Xirosimada oʻtgan Osiyo oʻyinlarida jamoamizga aynan Rustam Akramov va Birodar Abduraimov murabbiylik qilishgan edi.

 

Birodar Hasanovichning xizmatlari davlatimiz tomonidan ham munosib taqdirlangan va u turli yillarda “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sport ustozi”, “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiyi”, “Oʻzbekiston iftixori” faxriy unvonlari va “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.

 

Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi bugun 77 yoshni qarshi olayotgan Birodar Abduraimovni tabriklab, u kishiga uzoq umr, mustahkam salomatlik tilab qoladi.

 

Manba

 

Поделиться 2020-05-14 19:20:28