Svetlana Radzivil

Uyda vaqtni befoyda sarflamaslik kerak. Masalan, biron bir qiziqarli narsani mutolaa qilish yoki boshqa qiziqarli narani oʻrganish mumkin. Sizga bu borada yordam berishiga harakat qilamiz. Bugun Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sportchi Svetlana Radzivilning professional yoʻli haqida hikoya qilib berishga qaror qildik!

Svetlana yengil atletikaning balandlikka sakrash yoʻnalishiga ixtisoslashgan oʻzbekistonlik sportchimizdir.

U yengil atletikadagi faoliyatini koʻpkurash bilan shugʻullanishdan boshlagan va bu yoʻnalishda koʻplab musobaqalarda qatnashgan. Keyinchalik esa balandlikka sakrash bilan astoydil shugʻullana boshladi.

Uning birinchi yirik starti 2002-yilda Kingstonda oʻtgan oʻsmirlar oʻrtasidagi jahon chempionati boʻlib, unda oʻzbekistonlik sportchi 1,70 metrga sakrab, 19-oʻrinni egallaydi. Xalqaro miqyosdagi birinchi muvaffaqiyati esa 2004-yilda oʻsmirlar oʻrtasidagi Osiyo chempionatidagi kumush medaliga toʻgʻri keladi.

Svetlana 19 yoshida bir mavsum ichida uchta yirik musobaqaning oltin medal sohibasiga aylandi. Bular yopiq inshootlardagi Osiyo chempionati, oʻsmirlar oʻrtasidagi qitʼa va jahon chempionatlaridir. Bu davrda u allaqachon 1.90 metr balandlikni zabt etib ulgurdi.

Radzivil 2010-yil Osiyo oʻyinlarida 1,95 balandlik bilan gʻolib boʻlgan. 2011-yil hamyurtimiz Osiyo chempionatida kumush medalni qoʻlga kiritdi va jahon chempionatida sakkizinchi boʻldi. Shuningdek, u 2014-yilda yopiq inshootlardagi Osiyo chempionatida yuqori natijalarni koʻrsatdi – 1.96 metr (yopiq inshootlardagi shaxsiy rekord). Bu natija bilan hamyurtimiz Osiyo chempionati gʻolibga aylandi.

2018-yilga kelib esa, Svetlana Osiyo oʻyinlarining uch karra chempioniga aylandi. Shu bilan birga hamyurtimiz musobaqa rekordini ham yangiladi – 1.96 metr.

Svetlana Radzivil xalqaro turnirlardagi gʻalaba va medallar shodasidan tashqari davlat mukofotlarini ham qoʻlga kiritgan:
• “Shuhrat” medali (2007),
• “Doʻstlik” ordeni (2013),
• Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sportchi (2019).

Sportchimizning hayoti va faoliyatidan xabardor boʻlish uchun uning Instagram sahifasiga obuna boʻling: https://www.instagram.com/svetlana__87/

   

 

Manba

Поделиться 2020-05-14 19:00:48