Oʻzbekiston velosiped sporti federatsiyasi bilan onlayn mashgʻulot oʻtkazildi

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston velosiped sporti federatsiyasi rahbariyati ishtirokida sportchilarimiz bilan onlayn mashgʻulot oʻtkazildi. Mashgʻulot davomida federatsiya Bosh kotibi Kozim Oʻrinboyxoʻjayev hamda olimpiya terma jamoa murabbiyi Ruslan Nurtdinov sportchilarimizning karantin davrida qanday sharoitda shugʻullanishayotgani haqida batafsil tushuntirib berishdi. Shuningdek, yuzaga kelgan murakkab vaziyatga qaramasdan, mana shunday kunlarda velosportchilarimiz zarur inventarlar bilan oʻz vaqtida taʼminlangani uchun hukumatimiz va sportimiz rahbariyatiga oʻz tashakkurlarini bildirib oʻtishdi.

Oʻz navbatida MOQ prezidenti Rustam Shoabdurahmonov sportchilarimizni yana-da matonatli va chidamli boʻlishga chorlab, hukumatimiz bizni har tomonlama qoʻllab-quvvatlab turishini taʼkidladi.

“Sharoitlarning barchasi siz sportchilar uchun. Hukumatimiz tomonidan karantin uchun zarur chora-tadbirlar oʻz vaqtida koʻrildi va biz bu kunlarni tobora ortda qoldirmoqdamiz. Tushunaman, velosportchilar uchun shosseda shugʻullanishning oʻz oʻrni bor. Sizlarga xushxabar tariqasida shuni aytishim mumkinki, tez orada magistral yoʻllarda shugʻullanish uchun ham rasmiy ruxsat beriladi. Lekin ungacha yana ozgina chidashingizni soʻrab qolamiz”, – deydi Rustam Shoabdurahmonov.

Onlayn mashgʻulot davomida MOQ rahbariyati tomonidan karantin kunlaridan keyin velosiped sportini yurtimizda yana-da rivojlantirish, Olimpiyachilarimiz va asosiy terma jamoamiz uchun xalqaro musobaqalar, oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini tuzib chiqish masalalarini atroflicha koʻrib chiqish boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berildi.

 

Manba

Поделиться 2020-05-13 17:40:18