Dzyudo boʻyicha Toshkentda oʻtajak jahon chempionati Tokio Olimpiadasining saralashi bosqichiga kiritilishi mumkin

Koronavirus inqilobi sabab butun dunyo sportidagi musobaqalar katta oʻzgarishlarga yuz tutmoqda. Shu sababli bu yil oʻtishi rejalashtirilgan Tokio Olimpiadasi ham bir yilga qoldirildi.

Biz uchun 2021-yil dzyudo boʻyicha Toshkent mezbonlik qiladigan jahon chempionatining qachon oʻtishi koʻproq ahamiyatli. Xalqaro dzyudo federatsiyasi prezidenti Marius Vizer dzyudo sportining yaqin kelajagi haqida murojaat bilan chiqar ekan, bu mavzuga ham alohida toʻxtalib oʻtdi.

“2021-yilgi jahon chempionati ham Tokio Olimpiadasining saralash bosqichi doirasiga kiritilishi mumkin. Ammo barchasi virus pandemiyasining butun dunyo boʻylab qachon yakuniga yetishiga qarab hal boʻladi. Shuni aniq aytishimiz mumkinki, Qatarda oʻtadigan Masters turniri kvalifikatsion darajani saqlab qoladi”, – dedi Marius Vizer.

Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi Tokio Olimpiadasining yangi muddatini 2021-yilning 23-iyulidan 8-avgust kunlariga belgiladi. Dzyudo boʻyicha jahon chempionatlari esa har yili avgust oyining soʻngida oʻtkaziladi. Shu bois agar Toshkentda oʻtadigan jahon chempionati kvalifikatsion musobaqalar orasiga kiritilsa, tashkilotning yangilangan taqvimida katta ehtimolda 2021-yilning may oyigacha oʻtishini kutish mumkin. Shuningdek, dunyo birinchiligini joriy yil kuzda poytaxtimizda oʻtadigan Gran-pri musobaqasi bilan oʻrnini almashtirish varianti ham yoʻq emas. Eslatib oʻtamiz, jahon chempionati gʻolibi Olimpiya va jahon reytingi uchun 2000 ochkoga ega boʻladi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Поделиться 2020-04-08 16:34:48