O‘zbekiston sportchilari Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlikni vaqtincha to‘xtatdi

Xabaringiz bor, ayni kunlarda dunyo bo‘ylab keng tarqalib borayotgan va insoniyat salomatligiga katta xavf tug‘dirayotgan koronavirus pandemiyasi mamlakatimizga ham kirib keldi. Shu munosabat bilan, 2020 yil 16 martdan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimidagi barcha ta’lim va sport muassasalari noma’lum muddatga yopildi. Shu bilan birga, mamlakatimiz hududida o‘tkaziladigan barcha sport turlari bo‘yicha O‘zbekiston chempionatlari va kuboklari hamda boshqa ichki musobaqalar ham noma’lum muddatga qoldirildi.

Xalqaro olimpiya qo‘mitasi tomonidan Tokio-2020 Olimpiadasini 2021 yilda o‘tkazish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilingandan so‘ng Olimpiya sport turlari bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoalari a’zolari uchun tashkil etiladigan barcha o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari rasman 25 martdan vaqtincha to‘xtatildi.

Bungacha mamlakat terma jamoalari a’zolarining XXXII yozgi Olimpiya hamda XVI Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rishlari uchun ularga biriktirilgan sport bazalarida rejalashtirilgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini tashkil etilgan edi.

Litsenzion musobaqalarning sanalari aniq bo‘lgunga qadar milliy terma jamoa a’zolari o‘z uylarida individual reja asosida mashg‘ulotlarni murabbiylar tomonidan ishlab chiqilgan kunlik tayyorgarlik rejalari asosida olib boradilar.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi va Milliy Olimpiya qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan «Tezkor shtab» Milliy terma jamoa sportchilarining individual reja asosida kunlik mashg‘ulot o‘tkazishlarini doimiy tarzda monitoring qilib boradi.

Bundan tashqari Milliy terma jamoa bosh murabbiylari tomonidan masofali mashg‘ulotlar onlayn tarzda olib boriladi hamda vaziyatdan kelib chiqqan holda sportchilarni individual holatiga qarab kerakli maslahatlar berib borilishi ta’minlanadi.

Ma’lumot uchun: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi «Sport» telekanali bilan hamkorlikda karantin davrida sog‘lom turmush tarziga amal qilgan holda sport bilan shug‘ullanib turish borasida aholi uchun tavsiya shaklida maxsus teledasturlar tayyorlanib efirga uzatilishi yo‘lga qo‘yildi. Xususan, sport trenerlari ishtirokida uy sharoitida qay tarzda mashg‘ulotlar olib borish bo‘yicha maslahatlar aks etgan 10 daqiqalik videodarslar «Sport TV» telekanali orqali har kuni namoyish etib borilyapti.

 

Manba

Поделиться 2020-04-01 11:43:31