5 asosiy futbolchi «Bunyodkor»ni tark etdi. Jamoa yangi mavsumga tayyormi?

«Bunyodkor» bu mavsum chempionat va kubok bahslarida ijobiy natijalarga erishish orqali Osiyo Chempionlar ligasiga chiqishni maqsad qilgan.

Klub bosh direktori Ulug‘bek Mirzayev mavsumoldi tayyorgarlik, Xurshid G‘iyosovning transferi, Jasur Jaloliddinovga Yevropa klublaridan takliflar bo‘layotgani haqida gapirib o‘tdi.

Ulug‘bek Mirzayev

«OChL saralashida ishtirok etishimiz bois 16 dekabrdan mashg‘ulotlarga kirishdik. Shu kungacha jami 17ta o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazdik. Bu bahslarda natijaga katta e'tibor qaratganimiz yo‘q. Himoyada ba'zi muammolarimiz borligi ko‘zga tashlandi. Murabbiylar bundan to‘g‘ri xulosa chiqarishadi, deb o‘ylayman.

5 nafar asosiy futbolchimizni yo‘qotdik: Xurshid G‘iyosov («Anyang», Janubiy Koreya), Javohir Qahramonov («So‘g‘diyona»), Sanjar Tursunov (OKMK), Shohruh Gadoyev («Keshli», Ozarbayjon), Murod Zuhurov (futbolchilik faoliyatini yakunladi).

Yo‘qotishlar o‘rnini Humoyun Murtazoyev («Mash'al»), Sardor Abduraimov («Mash'al»), Bahodir Pardayev («Metallurg»), G‘ulomhaydar G‘ulomov (OKMK), Sarvar Karimov («Qo‘qon-1912»), Davron Ergashev («Xo‘jand», Tojikiston), Selim Nurmurodov («Oltin asr», Turkmaniston) kabi mahoratli o‘yinchilar bilan to‘ldirdik.

Xurshid G‘iyosovning Janubiy Koreyaning «Anyang» klubiga o‘tishidan hech qanday moddiy manfaat ko‘rmadik. Chunki Xurshidning shartnomasi muddati yakuniga yetgan edi.

Xurshid G‘iyosov

Jasur Jaloliddinov 18 yoshga to‘lmaguncha xorij klubi bilan shartnoma imzolay olmaydi. Unga Italiyaning «Benevento» va boshqa jamoalaridan, Germaniya klublaridan takliflar bor. Shuningdek, yarimhimoyachiga Moldovaning «Sherif» klubidan qiziqish bo‘ldi. Kutamiz. Qoniqarli taklif bo‘lsa, futbolchining o‘zi va murabbiylar bilan maslahatlashib, uning Yevropa jamoasiga o‘tishiga imkon yaratamiz.

Jasur Jaloliddinov

Stadionimiz aprel oyida tayyor bo‘ladi. Mart oyidagi «Mash'al» va «Qo‘qon-1912»ga qarshi uydagi bahslarni raqib maydonida o‘tkazmoqchimiz.

Shuningdek, O‘FAdan 26 mart kuni O‘zbekiston milliy jamoasining Armanistonga qarshi o‘rtoqlik bahsini «Milliy» stadionda o‘tkazmaslikni so‘radik.

Moliyaviy muammolar yo‘q. Mavsumga yaxshi tayyorgarlik ko‘rish uchun xorij yig‘iniga ham bordik. Muammosi bor jamoa esa xorijda yig‘in o‘tkazmaydi», –  deydi Ulug‘bek Mirzayev.

«Bunyodkor» murabbiyi Shuhrat Maqsudov esa Vadim Abramov yo‘qligida ham mashg‘ulotlar reja asosida ketayotganini ta'kidladi.

«Hech qachon tayyorgarlikdan murabbiyning ko‘ngli to‘lmaydi. Afsus, OChLda guruh bosqichiga chiqa olmadik.

Abramov milliy jamoa ixtiyorida bo‘lganida ham mashg‘ulotlar rejadagidek ketmoqda.

2020 yilgi mavsumda ham jamoamiz chiroyli o‘yinlar bilan muxlislarini xursand qilib, OChL yo‘llanmasi uchun kurashadi.

Bosh murabbiy sifatida ishlamasligim? Ayrim jamoalar bosh murabbiylikka taklif etishgan. Lekin bu – taqdir. Hozircha «Bunyodkor»dagi faoliyatimdan mamnunman», – dedi Shuhrat Maqsudov.

«Qaldirg‘ochlar»ning ayrim futbolchilari ham yangi mavsum oldidan o‘z fikrlarini bildirib o‘tishdi.

Anvar G‘ofurov (himoyachi):

– Shamollaganim bois so‘nggi nazorat o‘yinlarini o‘tkazib yubordim. Tarkibga qaytib, albatta, jamoaga yordam beraman. Yangi mavsumda ham yaxshi harakat qilib, OChLga yo‘llanma olishga harakat qilamiz.

Bu futbolchilik faoliyatimdagi so‘nggi mavsum bo‘lishi ham mumkin. Buni vaqt ko‘rsatadi.

Qaysidir jamoani kuchli uchlikka kirishi aniq, deb ayta olmayman. Masalan, o‘tgan mavsum bizni autsayderga chiqarishgandi, ammo aksi bo‘ldi.

Mirjahon Mirahmadov (hujumchi):

– Jismoniy jihatdan muammolar yo‘q. Yetarlicha dam oldik.

To‘purarlar poygasida yaxshi qatnashib, o‘zimni ko‘rsatib xorij klublariga ketishni maqsad qilganman.

Sardor Abduraimov (yarimhimoyachi):

– O‘zimni jamoaning to‘laqonli a'zosi sifatida his qilyapman. Buning uchun sheriklarimga rahmat.

«Mash'al» meni 1 yilga ijaraga berdi. Muborak klubi bilan 2022 yilgacha mo‘ljallangan shartnomam bor.

Yangi mavsumda jamoamiz bilan o‘z oldimizga qo‘ygan maqsadni amalga oshirib, Chempionlar ligasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritmoqchimiz.

Ma'lumot uchun, «Bunyodkor» Superliganing ilk turini 1 mart kuni safarda «Surxon»ga qarshi o‘tkazadi.

 

 

Manba

Поделиться 2020-02-25 14:24:21