2020-2024 yillarda bolalar va o‘smirlar sport maktablari va filiallari quriladi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan yurtimizda sport-ta'lim muassasalaridan foydalanish darajasini va ular faoliyati samaradorligini yanada oshirish, bolalarni sport bilan muntazam ravishda shug‘ullanishga jalb etishni kengaytirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 5 ta muhim tashabbusida belgilangan vazifalar hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta'minlash maqsadida qaror qabul qilindi.

Qarorga muvofiq Jismoniy tarbiya va sport, Iqtisodiyot va sanoat hamda Moliya vazirliklari, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining taklifiga binoan 2020-2024 yillarda bosqichma-bosqich quriladigan sport inshootlarida 23 ta bolalar va o‘smirlar sport maktablari hamda yetarli sport inshootlariga ega yana 68 ta bolalar va o‘smirlar sport maktablarining filiallari tashkil etiladi.

Bundan tashqari, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimidagi sport-ta'lim muassasalarining faoliyati samaradorligini reyting tizimi asosida baholash tartibi to‘g‘risidagi Nizom ham tasdiqlandi. Unga ko‘ra quyidagilar reyting baholashning asosiy vazifalari hisoblanadi:

- sport-ta'lim muassasalarida olimpiya sport turlari bo‘yicha shug‘ullanuvchilar sonini oshirish natijasida olimpiya sport turini rivojlantirish;

- sport-ta'lim muassasalarida sport razryadlari va unvonlariga ega bo‘lgan sportchilar sonini oshirish natijasida sifatli va iqtidorli sportchilarni tanlash, tayyorlash, seleksiya qilish (saralash) ishlarini tashkil qilish;

- sport-ta'lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan trenerlar, metodistlar, shifokorlarning salohiyatini oshirishga erishish;

- sport-ta'lim muassasalarida metodistlar tomonidan o‘quv va metodik ishlanmalar sifati sonini oshirish;

- sport-ta'lim muassasalarida ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini yuqori darajaga ko‘tarish;

- sport-ta'lim muassasalarining boshqa ta'lim muassasalari bilan hamkorligini oshirishga erishish.

Reyting tizimi asosida baholash tartibi sport-ta'lim muassasalarining faoliyati darajasi va sifatini oshirish hamda ularning faoliyati samaradorligini aniqlash, sport-ta'lim muassasalarida sport razryadlari va unvonlariga ega bo‘lgan sportchilar sonini ko‘paytirishga, iqtidorli sportchilarni tanlash, tayyorlash, seleksiya qilish (saralash) ishlarini tashkil etish, sport-ta'lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan trenerlar, metodistlar, shifokorlarning salohiyatini oshirishga xizmat qiladi. Reyting natijalari esa har yili ommaviy axborot vositalarida keng yoritib boriladi.

Qolaversa, 2020 yilda tashkil etilishi rejalashtirilayotgan bolalar va o‘smirlar sport maktablarini saqlash harajatlari mahalliy budjetlarga ajratilgan mablag‘lar doirasida amalga oshirilib, 2021 yildan boshlab esa O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetida nazarda tutilishi belgilab qo‘yilgan.

Qarorga muvofiq Jismoniy tarbiya va sport vazirligi zimmasiga yangidan tashkil etiladigan bolalar va o‘smirlar sport maktablari ustavlarini belgilangan tartibda tasdiqlash va ularning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta'minlash, bolalar va o‘smirlar sport maktablarini hamda ularning filiallarini yuqori malakali boshqaruv kadrlari va trenerlar bilan ta'minlash choralarini ko‘rish, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda 2020 yil 1 aprelgacha bolalar va o‘smirlar sport maktablarining namunaviy shtatlar me'yorlarini qayta ko‘rib chiqish choralarini ko‘rish vazifasi yuklatilgan.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, mazkur qaror mamlakatimizda mavjud sport-ta'lim muassasalaridan foydalanish darajasi va ular faoliyati samaradorligini yanada oshirishga, bolalarni sport bilan muntazam ravishda shug‘ullanishga keng jalb etishga xizmat qiladi. Pirovardida bu O‘zbekiston sporti taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqadi.

 

Manba

 

Поделиться 2020-02-21 17:03:44