Sport vazirligi byudjet puliga qaram bo‘lmaslikka intilmoqda

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi ommaviy sportni xalq orasida keng targ‘ib qilish bo‘yicha rejalarini ma’lum qildi. Vazir o‘rinbosari Nodir Murodov rejadagi ishlar uchun davlat byudjetidan pul ajratish maqsadga muvofiqligini ta’kidladi. Ammo vazirlik byudjet mablag‘iga qaram bo‘lib qolmaslikka intiladi.

 13 fevral kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Jismoniy tarbiya va sport vazirli rahbariyati va tegishli vakillari prezidentning «O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yanada takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"ги farmoni ijrosi yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazishdi.

Farmonda aholining qiziqishi va xohish-istaklaridan kelib chiqib, umumta’lim maktablari kamida bitta sport turiga ixtisoslashtirilishi belgilangan. Shuningdek, vazirlik byudjetdan tashqari «Sport» maxsus hisob raqamiga 2020 yilda davlat byudjeti hisobidan 50 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishi nazarda tutilgan. Pullar sohani rivojlantirish, vazirlikning joylardagi bo‘limlari, sport o‘quv yurtlari moddiy bazasini ta’minlashga sarflanishi ko‘zlangan.

Vazir o‘rinbosari Nodir Murodovning aytishicha, byudjetdan ajratilgan mablag‘ning sarflanishi haqida aniq tushuncha mavjud: «Agar inson salomat bo‘lmasa, ya’ni sog‘lom bo‘lmasa, sport bilan shug‘ullanmasa, u keyingi qadamini, ya’ni ta’lim olishga qiziqishi so‘nadi o‘z navbatida, hayotga bo‘lgan qiziqishi so‘nadi».

 

 

Vazirlik 2018 yil 5 martdagi prezident qaroriga binoan yangi tashkil etilgan. Murodov ushbu masalaga urg‘u berib, joylardagi sport muassasalari yetarli infratuzilmaga ega emasligini aytdi.

«Butun dunyoni o‘rganadigan bo‘lsak, sport ob’ektiga sog‘lomlashtirish markazi sifatida qaraladi. Sport ob’ektining ichida sartaroshxonasi ham bor, ovqatlanishi ham bor, go‘zallik saloni ham. Bundan tashqari, butun dunyoda sport shou-biznes hisoblanadi, ya’ni o‘ziga o‘zi pul topish yo‘lga qo‘yilgan», — dedi u.

«Biz ham hozir vazirlik tasarrufida media markaz tashkil qildik, mana shu media markazning o‘z rejalari bor. Kelgusida 36 mingta sport tadbirni o‘tkazamiz. Bu yerga nafaqat sport bilan shug‘ullanadiganlar, balki sportni tomosha qiladiganlar, sportga qiziqadiganlar keladi, kimdir nevarasini olib keladi, kimdir farzandini yoki turmush o‘rtog‘ini olib keladi. Mana shu narsalar ham bizning rejamizda o‘z aksini topgan, biz faqat davlat byudjetiga qarab qolishni nazarda tutmaganmiz», — deya qo‘shimcha qildi Nodir Murodov.

 

 

Manba

Поделиться 2020-02-18 11:31:45