YeChL guruh bosqichi yulduzlaridan yana biri Germaniya chempionatiga o‘tdi

Zagrebning «Dinamo» klubi yarimhimoyachisi Dani Olmo «RB Leypsig» a'zosiga aylandi. Nemislar klubi 21 yoshli havbek transferini tasdiqladi, u bilan 2024 yil yoziga qadar shartnoma tuzilgan.

Avvalroq «Leypsig» ispaniyalik futbolchi uchun 30 mln yevro to‘lashi haqida aytilgandi. Bonuslar hisobiga bu summa 45 million yevrogacha yetishi mumkin.

Olmoning sotuvi «Dinamo» va butun xorvat futboli tarixidagi rekord transferga aylandi.

Nemislar klubi ushbu futbolchi uchun kurashda «Milan», «Vulverhempton» va «Barselona»ni ortda qoldirdi. Ma'lumot uchun, havbek kataloniyaliklar klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi.

«Espanol» va «Barselona» klublari akademiyalaridagi tahsildan keyin u o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish uchun 2014 yilda Zagrebning «Dinamo» klubiga yo‘l olgan. Texnikasi kuchli, yuqori tezlikka va kuchli zarbaga ega bo‘lgan bu yarimhimoyachi 2018 yilda Xorvatiyaning eng yaxshi futbolchisi sifatida e'tirof etilgandi. Joriy mavsumda esa u o‘zini jahonga tanitdi, YeChL guruh bosqichida «Siti» darvozasiga yo‘llagan golidan keyin uni top-klublar ko‘z ostiga olib qo‘ydi, qolaversa Ispaniya terma jamoasiga ilk marta chaqiruv oldi. Xorvatiya chempionatida 9 o‘yinda 3 gol va 3 golli uzatmaga, Chempionlar ligasida esa 5 gol va 4 golli uzatmaga (saralash bosqichi qo‘shib hisoblanganda) mualliflik qilgan futbolchi yil yakunlariga ko‘ra Xorvatiya chempionatidagi eng yaxshi yosh futbolchi va eng yaxshi futbolchi sifatida taqdirlandi.

 

Manba

Поделиться 2020-01-27 12:37:58