Osiyo chempionati-U23. Janubiy Koreya 113-daqiqada gol urib chempion bo‘ldi

O‘yinning 25-daqiqasida Koreyaning 7-raqamli futbolchisi Jun Vu Yon o‘ng qanotdan ajoyib yurishni amalga oshirdi. U to‘pni himoyachining oyoqlari orasidan o‘tkazib darvozabon bilan o‘tkir burchakdan yakkama-yakka chiqdi, lekin Vu Yonning zarbasini Saudiya posboni qaytardi. 34-daqiqada O‘zbekistonga ikkita gol urgan O Se Xun juda qulay imkoniyatdan foydalana olmadi. Uning deyarli qo‘riqlanmayotgan darvozaga bergan zarbasi noaniq bo‘ldi.

40-daqiqala Jun Vu Yon yana bir qulay imkoniyatdan foydalana olmadi. O‘ng qanotdan amalga oshirilgan hujumdan so‘ng to‘p darvoza yaqinidagi Jun Vu Yonga kelib tushdi, ammo u 4-5 metr masofadan gol ura olmadi.

Ikkinchi bo‘lim avvalida o‘yindan qoniqmagan koreyaliklar murabbiyi ikki hujumchi Li Don Yon va Li Don Junni maydonga tushirdi. Bu futbolchilarning o‘yinga qo‘shilgani Koreyaning o‘yinini kuchaytirdi. 58-daqiqada Li Don Jun qanotdan oldinga bordi va himoyachini bir harakati bilan aldab olis burchakka aniq zarba yo‘lladi. Darvozabon esa qiyinchilik bilan to‘pni qaytarib yubordi.

78-daqiqada koreyslar yana bir qulay imkoniyatni golga aylantira olishmadi. Chap qanotdan rivojlangan hujum vaqtida saudiyalik hujumchi xatoga yo‘l qo‘ydi va Li Don Jun darvozabon bilan yakkama-yakka chiqib bordi, lekin zarba berishda kechikib, himoyachiga to‘pni qaytarishga imkon berdi. Hujum davomida koreyalik futbolchilar yana ikki marta zarba yo‘llashdi, lekin har safar himoyachilar xavfni bartaraf etishdi.

 Uchrashuvning asosiy vaqtida hisob ochilmagach, jamoalar ikkita qo‘shimcha bo‘limni ham o‘tkazishdi.

Nihoyat, o‘yinning 113-daqiqasiga kelib, o‘yinda hisob ochildi. Jon Taevuk o‘z goli bilan finalda Janubiy Koreyaga muhim g‘alaba bilan birga chempionlikni taqdim etdi – 1:0.

 Shunday qilib, guruhdoshimiz va bizni mag‘lub etgan uch jamoa - Janubiy Koreya Osiyo chempioni, Saudiya Arabistoni vitse-chempion, Avstraliya esa bronza medali sohibi sifatida Olimpiada-2020ga yo‘llanma olishdi. O‘zbekiston olimpiya jamoasi esa Osiyoning to‘rtinchi jamoasi sifatida alamli tarzda yo‘llanmadan quruq qoldi…

 Osiyo chempionati-U23
Final. 26 yanvar (yakshanba)
JANUBIY KOReYa — SAUDIYa ARABISTONI – 1:0

Bangkok. «Rajamangala» stadioni, 2 879 tomoshabin.

Gol: Jon Taevuk, 113.

Janubiy Koreya: Son Bum Keun, Li Yon Yun (Kim Dae Von, 76), Kan Yun Sun, Li San Min, Jon Taevuk, Kim Don Xyun, Jun Vu Yon (Li Don Jun, 46), Kim Jing Yu (Li Don Yon, 54), Kim Jin Ya, O Se Xun, Von Du Jae.

 Saudiya Arabistoni: Abdulbosit Muhammad Hindi, Hassan al Tambakti, Abdulrahmon G‘arib, Abdulloh al Hamdan (Feraz Tariq al Brikan, 67), Xolid Dubaysh, Ali Sodiq al Hassan, Husayn al Essa, Holid al G‘annam (Yahyo Ahmad, 60), Muxtor Ali Sheyx, Muhammad al Yami, Saud Abdulhamid.

 

Manba

Поделиться 2020-01-27 12:32:48