Hisobot. O‘zimizga o‘zimiz yutqazganimiz haqida

Aslida bu yerda U23 terma jamoamizning so‘nggi o‘yinlari tahlili, aynan qaysi nuqtalarda yaxshi o‘ynab, qayerlarda xato qilganimiz haqida uzun maqola bo‘lishi kerak edi. Ammo endi bu gaplar o‘lib bo‘lgan bemor haqida «qon bosimi normal holatda, oshqozoni juda sog‘lom» qabilidagi hisobotlarni o‘qish kabi sizlarni qiziqtirmasligini bilaman. Rostan ham, afsuski, Drulovich tuzgan aynan shu jamoa «o‘ldi», endi xuddi shu shaklda, xuddi shu tarkibda jamoa bo‘lmaydi. Yozgacha ham bormagan ushbu «bemor»ning o‘limiga aynan nimalar sabab bo‘lgani haqida esa fikr bildirsa bo‘ladi.

Hammamiz yaxshi bilamizki, FIFA o‘zi a'zo bo‘lgan mamlakatlarda hukumatning futbolga aralashuviga yo‘l qo‘ymaydi, mabodo, bu haqida bilib qolsa, o‘sha mamlakat a'zolikdan chiqarib yuborilishi ham mumkin. Bir qaraganda, aslida, teskarisi bo‘lishi kerakdek, axir, davlatlar futbolga e'tibor bera boshlashsa, turli qaror va islohotlar bilan joylarda futbol rivojlantirilsa, FIFA uchun bu ayni muddao emasmi? Hukumatlar futbolga yaqindan qiziqish orqali, FIFAning joylardagi mehnatini osonlashtirmaydimi?

Albatta, FIFA hukumatlarning futbolni rivojlantirish borasidagi har qanday qarorlarini olqishlaydi, futbolga yaratiladigan sharoit va moddiy baza borasidagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlaydi, ammo «futbolga aralashish» deganda tashkilot boshqa narsani nazarda tutadi – futbol har qanday siyosiy qarorlardan xoli va erkin bo‘lishi kerak. Futbol faqat futbol nuqtayi nazaridan tahlil qilinishi va boshqarilishi kerak. Yuqoridagi qoidalar orqali FIFA mamlakatlardagi futbolni himoya qilishga urinadi, xolos. Qachonki, davlatlar futboldagi natijalar orqali o‘z siyosiy mavqelarini mustahkamlashga harakat qilishsa, qarorlardagi adekvatlik yo‘qolib boradi, futbol hisobotga aylanadi, mehnat orqali ma'lum bir natijalarga erishish emas, ma'lum bir natijalar yordamida o‘zini mehnat qilgandek ko‘rsatishga bo‘lgan istaklar avj ola boshlaydi. Bu futbol uchun xavflidir.

Bilasizmi, futbol texnikasidan tashqari, ikki muhim jihat bor: motivatsiya (chog‘lanish) va sovuqqonlik. Jamoa o‘yinida va ko‘zlangan maqsadga erishishda bu ikki holat ham juda muhim va ularning o‘z o‘rni bor.

Masalan, mashg‘ulotlarda futbolchilar maksimal darajada sovuqqon bo‘lishadi, shuning uchun ular aynan mashg‘ulotlarda hech qachon maydonda qila olmaydigan harakatlarni amalga oshirishlari mumkin. Ba'zida futbolchilarning mashg‘ulotlarda ajoyib zarba ijro etganini ko‘ramizki, xuddi shuni u o‘yin paytida amalga oshira olmaydi. Agar oshirsa, og‘zimizni kattaroq ochamiz, aslida xuddi shunday gollar mashg‘ulotlarga o‘nlab urilishi mumkinligini bilsak-da. Sababi, sovuqqonlik futbolchiga o‘z mahoratini ishga solishi uchun kerak bo‘lgan juda kerakli xislat, muhim o‘yin paytida sovuqqonlikni maksimal darajaga chiqara olish deyarli imkonsiz.

Lekin o‘yin paytida futbolchi mashg‘ulotlarda u hech qachon ega bo‘lmaydigan boshqa jihatga – motivatsiyaga ega bo‘ladi. Uning aslidan ko‘proq, tezroq yugurishi, o‘zida yo‘q bo‘lgan kuchni topa olishi, ba'zida jismoniy imkoniyatlaridan balandroq nimanidir namoyish qila olishi aynan motivatsiyaga bog‘liq. U hech qachon mashg‘ulotlarda o‘yindagi kabi motivatsiyaga ega bo‘lmaydi.

O‘ta yuqori motivatsiya sovuqqonlikni pasaytiradi, sovuqqon bo‘lish uchun esa, motivatsiyani haddan tashqari oshirib yubormaslik kerak. Har ikkisi ham zarur, motivatsiyasiz murabbiy shogirdlarini ko‘proq harakat qilishga, mehnat qilishga chog‘lay olmaydi, sovuqqonliksiz esa, kerakli taktikani qurish, futbolchilar ko‘rsatmalarni bajarishi va kerak bo‘lganda vaziyatlardan foydalanishi qiyinlashib ketadi. Bu go‘yoki bir-biriga zid bo‘lgan ikki faktor doimiy ravishda kurashadi va futbolda murabbiy oldida turadigan eng asosiy vazifalardan biri aynan mana shu jabhada muvozanat vujudga keltirishdir.

Endi bir qiziq mulohaza, e'tibor berganmisiz, qachon motivatsiya bosh planga chiqadi-yu, qachon sovuqqonlik juda zarur? Eslang, aynan murabbiy motivator tomonidan amalga oshirilgan ajoyib nutq bilan erishilgan afsonaviy g‘alabalar qachon sodir bo‘lgandi? Misol uchun, «Yunayted»ning «Bavariya» ustidan o‘sha g‘alabasi – «yigitlar, hozir kubok sizlardan ellik metr naryog‘da turibdi, lekin unga teginish, ko‘tarish uchun bugun bor kuchlaringni sarflamay turib, ertaga yana finalga kelishni o‘ylab ham o‘tirmanglar, olg‘a». Fergyuson birinchi bo‘limdan so‘ng yutqazayotgan shogirdlarini shunday deb maydonga boshlaydi.

Yoki Rafa Benitesning «Liverpul»i. Aytishlaricha, u tanaffus paytida hech narsa demagan, shunchaki, yechinish xonasi oynalarini ochib qo‘ygan. U yerdan «Liverpul» muxlislarining «You will never walk alone» qo‘shig‘i balandroq eshitila boshlagan. Mana bu - motivatsiya.

Qarangki, raqib kuchli o‘yin ko‘rsatayotganda, hech qanday taktika ish bermay, qanaqadir qo‘shimcha kuch zarur bo‘lib turganda, murabbiylar motivatsiyani birinchi planga olib chiqishar ekan. Ya'ni o‘sha «MYu» ham, o‘sha «Liverpul» ham aslida, har tomonlama «Bavariya» va «Milan»dan kuchsiz o‘yin ko‘rsatayotgandi, murabbiylar nimaning hisobiga o‘yinda burilish yasash mumkinligiga aqllari yetmayotgandi ham balkim.

Sovuqqonlik esa, afsonaviy g‘alabalarda eslanmaydi. Chunki, o‘sha o‘yinlarda kuchliroq jamoa g‘alaba qozongan, hammasi o‘z holicha tugagan bo‘ladi. Jamoa o‘zidan kuchsizroq bo‘lgan yoki teng bo‘lgan jamoaga qarshi to‘g‘ri taktika, yaxshi reja va vaziyatlardan unumli foydalanish yordamida g‘alaba qozonadi. Bu yerda esa, sovuqqonlik eng zarur faktorga aylanadi, murabbiylar ortiqcha gaplardan tiyilib, imkon qadar shogirdlariga futbolni, raqibni, ustunlik va kamchiliklarni, maydondagi vazifalarni tushuntirishga harakat qiladi. Futbolchining miyasi aynan futbol bilan to‘la bo‘lishi muhim.

2009 yildagi YeChL finali oldidan, Pep futbolchilarga video qo‘yib beradi. Pep va Tito finalgacha bosib o‘tgan yo‘l haqida video tayyorlashgan ekan. Lavhalarda chiroyli gollar, qiyin holatlar va «Gladiator» filmi musiqasi bor edi.

«Boss juda hissiyotga beriluvchan edi. U uzoq vaqt videoni tayyorladi va bizni ichkariga kiritmay turdi. Biz filmni ko‘rib yig‘lab ham yubordik, keyin Andre Bochelli Chempionlar Ligasi gimnini kuylayotganda, yanayam badtar bo‘ldi ahvolimiz. «Manchester Yunayted» futbolchilari bizga nima bo‘lganini tushunmay, hayron bo‘lishgandi», – deb eslaydi Viktor Valdes.

Manel Estiarte, tarixdagi eng kuchli vaterpolistlardan biri, Gvardiolaning yordamchisi esa, shunday deydi: «Agar video futbolchilarni motivatsiyasini oshirish uchun tayyorlangan bo‘lsa – bu juda noto‘g‘ri qaror bo‘lgan. Futbolchilar g‘alati bo‘lib qolishgan, agar ilk 10 daqiqada Valdes bizni qutqarmaganda, uchta gol o‘tkazib yuborardik».

Ishonamanki, Joze Mourino 2010 yilgi Yevropa Chempionlar Ligasida «Barselona »ga qarshi javob o‘yini oldidan ko‘p vaqtini shogirdlarining motivatsiyasini oshirishga sarflagan, lekin finalda, «Bavariya» bilan o‘yinda esa, aksincha, sovuqqonlikni oshirish, xotirjamlik haqida gapirgan, reja asosida harakat qilinsa, g‘alaba «Inter» qo‘lida ekanini ishontirishga uringan. Sababi, «Barselona» kuchli edi, ularni shunchaki, taktika bilan yutib bo‘lmasdi, Joze baqirgan, tentaklik qilgan, futbolchilarni jangga, o‘limga ketayotgandek tayyorlagan, shu o‘yindan keyin boshqa hayot yo‘qligiga ishontirgan. Finaldagi «Bavariya» esa «Inter»dan kuchsiz bo‘lgan, Mourino shogirdlari ortiqcha hayajon va bosimga berilib ketishidan qo‘rqqan, baqirmagan, yig‘lamagan, o‘zini sovuqqon tutib, bu kayfiyatni shogirdlariga yuqtirmoqchi bo‘lgan. Har ikki o‘yinda ham hal qiluvchi omil mana shu yerda edi, menimcha.

Endi o‘zimizning mavzuga kelamiz. Mutaxassislardan tortib, muxlislargacha bir fikrda yakdil: Biz Saudiya Arabistonidan ham, Avstraliyadan ham yaqqol kuchsiz emasdik. Jamoa ko‘rsatgan umumiy o‘yin, hamda tarkibdagi ijrochilar, mahorat borasida ham. Hatto raqib murabbiyining kuchli taktik qopqoniga tushib ham qolmadik, o‘yinlar raqibning rejasi asosida ketayotganini his qilmadik, masalan. Buni ko‘rsatkichlar ham namoyish etib turibdi. Har ikki o‘yinda ham biz to‘pni raqibdan ko‘ra yaxshiroq nazorat qildik, ko‘proq hujum qildik, ko‘proq zarba berdik, ko‘proq xavfli vaziyat yaratdik, kuchliroq o‘ynadik. Xo‘sh, unda nega, natija har doimgidek bo‘ldi, yana o‘yin oxirida arablarga oshimizni tutqazdik, yana Avstraliya darvozasini ishg‘ol qilishni uddalay olmadik?

Sababi, biz futbol sohasidagi barcha mehnatimizni, harakatlarimizni, umidlarimizni birgina Bobur Abduxoliqovning oyoqlari ostiga tashlagandik. Ha, Mbappedan yoshi kattaroq bo‘lgan futbolchi nahotki, arzimas bosimni yengib, o‘sha vaziyatda gol ura olmasmidi, deb kulmang, Pele ham minginchi golini faqat penaltidan ura olgan, xolos – O‘FA bu jamoaga bo‘lgan ortiqcha munosabati bilan futbolchilarimizga Avstraliya himoyachilaridan ko‘ra ko‘proq xalaqit berdi.

Bor umidlarning tikilishi, murabbiylarning Tailandga boshlab borilishi, juda katta delegatsiyalar, Yoshlar ittifoqi, vatanparvarlik haqidagi, ularning orqasida o‘ttiz to‘rt million qora ko‘z turgani haqidagi balandparvoz gaplar, muxlislarga charter reyslar, Xirosimalarni eslash, menimcha, oxirida Ozodbek Nazarbekov ham borib «Mendirman o‘sha» qo‘shig‘ini jonli hirgoyi qilib bermadi, xolos. Aslida esa, Drulovich va shogirdlari biroz tinch qo‘yilishi, ular o‘zaro futbol haqida gaplashib olishlari zarur edi, chunki ko‘rinib turibdi, federatsiyadan to‘rtta odami bilan kelib, maqsadga erishib ketgan Saudiya Arabistoni ham, Avstraliya ham bizdan kuchli emasdi. Bizga motivatsiya emas, sovuqqonlik kerak edi, motivatsiya emas, sovuqqonlik yetishmadi.

O‘FAning, terma jamoalar bilan ishlash bo‘limining vazifasi - jamoalarimizga layoqatli murabbiylarni topib, tayinlash, keyin musobaqalarga tayyorlanish uchun sharoitlarni yaratib berish. Agar bu vazifalar o‘z o‘rnida bajarilib borilsa, Abduxoliqov gol uradimi, urolmaydimi, bundan qat'i nazar, olimpiadaga chiqamizmi, yo‘qmi, bundan qat'i nazar, o‘z ishini bajargan bo‘laveradi. Men o‘ylamayman, masalan Angliya futbol assotsiatsiyasi o‘z faoliyatini Angliyaning Yevropa chempioni bo‘lishiga bog‘lashini. Musobaqalar paytida AFA ham xuddi ingliz fuqarolari kabi, bir muxlisga aylanadi. Terma jamoa yutsa, bayram qiladi, yutqazsa, murabbiy yoki strategiya xatolari tahlil qilinib, bunday holat qaytarilishi oldi olinadi, tamom. Angliya chempion bo‘lsa, yaxshi ishladik, chempion bo‘la olmasa, yaxshi ishlay olmadik, deyilmaydi.

Agar Olimpiadaga chiqqanimizda, tasavvur qilyapman, katta tadbirlar, futbolimiz rivojlanayotgani haqida minbarlardan turib aytiladigan fikrlar, hammasi juda to‘g‘ri amalga oshirilgani to‘g‘risidagi hisobotlar, mukofotlar. Rostan ham shundaymi? Barchasini birgina aniq yoki noaniq zarbaga tikishning xavfli ekanini nahotki tushunmadik. Birgina g‘alaba tufayli, bir necha yillik mehnat bilan maqtanishni yaxshi ko‘rar ekanmiz, bu holatning teskari ta'siriga ham tayyor turishimiz kerak – birgina mag‘lubiyat tufayli, barcha qilingan ishlar chippakka chiqishi mumkin. O‘zimiz shu yo‘lni tanlayapmiz, nima qilaylik?

Futbolni futboldan uzoq bo‘lgan Ahmadjonov boshqaradimi, futbolga eng yaqin bo‘lgan Ermatov boshqaradimi, farqi yo‘q, asosiy o‘lchov boshqa yerda: hisobotlarda «olimpiadaga chiqish uchun shu ishlar qilindi» deb yozilishi kerak, «olimpiadaga chiqildi» deb emas. Chunki birinchisi, sabab, ikkinchisi oqibat. Boshqaruvchilarimiz sabablarni yaratishga mas'uldirlar, oqibat esa, doimgidek, futbolchilarning qo‘lida. Vaziyatga shunday qarash to‘g‘ri yo‘ldir.

Ijtimoiy tarmoqqa qaranglar, muxlislarning fikrlariga e'tibor beringlar, hech kim «Abduxoliqov urolmadi», «Yaxshiboyev sal yaxshi o‘ynaganda yutardik» demayapti, «futbolimiz o‘zi shunaqa», «hammasi chirib ketgan», «islohotlar qilish kerak» deb, hamma vaziyatni chuquridan olyapti. Hammasini qildik-ku, bizda nima ayb, deb xafa bo‘lmang, chunki agar yutganimizda, «Abduxoliqov urdi-da», «Yaxshiboyev yaxshi o‘ynadi-da» demasdik, demasdingiz, futbolimiz rivojlanayotgan, hammasi gurkirab ketayotgan, islohotlar samara berayotgan bo‘lardi.

Futbol esa, doimgidek ustimizdan yana bir bor kuldi.  

 

Manba

Поделиться 2020-01-27 12:15:43