“Sport oyligi” doirasida “Sog’lom oila – jamiyat boyligi” velomarafoni o’tkazildi

Sir emaski, yurtimizda xotin-qizlar sportiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Havaskorlar o’rtasida turli miqyosda tashkil qilinayotgan sport musobaqalari aholi o’rtasida sog’lom turmush tarzini targ’ib qilishga xizmat qilmoqda. O’zbekiston Milliy olimpiya qo’mitasi tashabbusi bilan may oyi yurtimizda “Sport oyligi” deb e’lon qilingan edi. Bugun poytaxtimizdagi “Milliy” stadionida ham ana shunday sport tadbirlaridan biri O’zbekiston Xotin-qizlar qo’mitasi va O’zbekiston velosiped sporti federatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil qilindi.

Xalqaro oila kuni arafasida o’tkazilgan mazkur musobaqada poytaxtimizning turli tumanlaridan tashrif buyurgan jami 100 dan ziyod xotin-qizlar ishtirok etishdi. Bunday sport tadbirini o’tkazishdan maqsad, avvalo, ayollar salomatligiga e’tibor qaratish, ularning mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi roli va faolligini oshirish, shu bilan birga hayotimiz ko’rki va millatimiz kelajagi bo’lgan xotin-qizlarni har tomonlama sog’lom va jismonan baquvvat bo’lishlarini ta’minlashga qaratilgan.

Musobaqa 40 yoshgacha va undan yuqori yosh toifalarida o’tkazildi. Ishtirokchilarning imkoniyatidan kelib chiqib, masofa ham shunga yarasha belgilab olingan. Natijalar bo’yicha ikkala yo’nalishda Olmazor tumani vakilalari g’oliblikni qo’lga kiritishdi. 18-40 yosh oralig’idagi bellashuvlarda Mavluda Isaeva, 40 yoshdan katta toifada esa Svetlana Isaeva marraga birinchi bo’lib yetib keldi.

Bellashuvlar yakuniga ko’ra, barcha g’olib va sovrindorlar tashkilotchilarning esdalik sovg’alari bilan taqdirlanishdi. E’tiboringizga mazkur sport tadbiridan qator fotosuratlarni havola qilamiz.

Manba

Поделиться 2019-05-20 11:22:42