«Binokor» yoshlar jamoasi Qirg‘izistondagi xalqaro turnir finaliga chiqdi

2009 yilda tug‘ilgan bolalardan iborat «Binokor» yoshlar jamoasi Qirg‘izistonda tashkil etilgan xalqaro musobaqada ishtirok etmoqda.

Mazkur musobaqani yosh xokkeychilarimiz «Riga» jamoasi vakillari ustidan qozonilgan g‘alaba (2:1) bilan boshlashdi. Shundan so‘ng Alisher Azimov shogirdlari Rossiyaning «SKA-Strelna 2017» (5:2), Chexiyaning «Shuter Yindrjixuv» (4:3) klublarini mag‘lub etib, musobaqaning yarim final bosqichiga yo‘l olishdi.

Final ostonasida yosh «binokorchilar» AQShning «USA Select» klubidan ustun kelib (2:1), final yo‘llanmasiga ega chiqishdi. Hal qiluvchi bahsda esa hamyurtlarimizga Bishkekning «BO‘SM-1» jamoasi raqiblik qiladi. Ushbu bellashuv ertaga bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, «Binokor» rahbarlari Sankt-Peterburgning «SKA-Strelna 2017» xokkey klubi bilan o‘zaro hamkorlik qilish, o‘rtoqlik o‘yinlari va yig‘inlar tashkil etish bo‘yicha kelishuvga ham erishganligini alohida e’tirof etish joiz.

Ertaga bo‘lib o‘tadigan final bellashuvida yosh xokkeychilarimizga omad tilab qolamiz.

 

Manba

Поделиться 2019-03-28 16:56:56