O‘zbekistonda ko‘pkari bo‘yicha jahon chempionati o‘tkaziladi

Kecha poytaxtimizdagi Rakat Plaza mehmonxonasida Xalqaro ko‘k bo‘ri federatsiyasining navbatdagi Kongressi o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Afg‘oniston, Eron, Mo‘g‘uliston uloq-ko‘pkari o‘yini keng ommalashgan davlatlardan tashqari Rossiya, Xitoy, AQSh, Frantsiya kabi dunyoning 20ga yaqin mamlakatlaridan ham vakillar ishtirok etishdi.

Kongressda bir qator masalalar muhokama qilindi. Xalqaro ko‘k bo‘ri federatsiyasining Nizomiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, mamlakatimizda ilk bora tashkil etiladigan ko‘pkari bo‘yicha jahon chempionati musobaqalarini qaysi qoidalar asosida o‘tkazish kabi masalalar shular jumlasidan.

Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning bahor faslida, yanada aniqrog‘i “Navro‘z” umumxalq bayrami arafasida Xalqaro ko‘k bo‘ri federatsiyasining navbatdagi jahon chempionati bahslari yurtimizda tashkil qilinadi. Musobaqaga Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari mezbonlik qilishi belgilab qo‘yildi. Faqat jahon chempionati vaqtida chavandozlar uloqni qozonga yoki doiraga tashlashi borasida yakuniy to‘xtamga kelinmadi.

O‘zbekiston uloq-ko‘pkari federatsiyasi vakilining aytishicha, uloqni qozonga tashlash qoidasi bo‘yicha o‘tadigan musobaqalarda otlar va chavandozlarning jarohat olish ehtimoli ancha yuqori sanaladi. Biroq, bunga poytaxtimizda o‘tkazilgan Kongressda yechim topilmadi va ushbu masala navbatdagi jahon chempionati boshlanishi oldidan tashkil etiladigan yig‘ilishda yana bir marotaba muhokamaga qo‘yilishi belgilandi.

Manba

Поделиться 2019-01-11 12:33:42