Kamondan otish

Kamondan otish - sport turi. Diametri 40—122 sm doyra nishonga 18 — 90 m uzoklikdan 30 yoki 36 tadan o‘q uzilib ochko to‘planadi. Kamondan otish 15-asrda Shveytsariyada paydo bo‘lgan. Musobaqalarning hozirgi qoidalari 19-asr oxirida ishlab chiqilgan. Olimpiada o‘yinlari dasturiga kiritilgandan so‘ng (1900) ko‘p mamlakatlarda keng tarqaldi. 1931 yildan jahon chempionati o‘tkaziladi. Xalqaro Kamondan otish federatsiyasi (FITA, 1931 yil asos solingan)ga 127 ta milliy federatsiya a’zo (2002), O‘zbekiston Kamondan otish federatsiyasi 1991 yilda kirgan.

AQSh, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Kanada, Polsha, Rossiya kabi davlatlarda Kamondan otish keng yoyilgan. O‘zbekistonda Kamondan otish 20-asrning 60-yillaridan ommalashdi. Respublikamizning Natalya Butuzova, Olga Rogova, Vadim Shikaryov, Surayyo Vakilova, Eldor Sayfullin, Zamir Axmedov kabi kamonchilari jahon, qit’a chempionatlari va nufuzli musobaqalarda g‘alaba qozonishgan.

Поделиться